O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligida Janubiy Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) prezidenti Kim In Shik rahbarligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston mehnat vaziri A.Abduhakimov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatilganini ta’kidlab, ikki davlatning strategik sherikligi, mamlakatlarimiz hamkorligining yuksak darajada rivojlanishida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xizmatlari beqiyos bo‘lganini alohida ta’kidladi, deb xabar beradi O‘zA.

Iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikdagi loyihalar hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda. O‘zbekiston Mehnat vazirligi va KOICA hamkorligida “O‘zbekistonda kasb ta’limi imkoniyatlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlar, ish bilan band bo‘lmagan aholi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlanmoqda. Bu yo‘nalishda 2012 yilda Toshkent shahrida kasb ta’limi markazi ish boshlagan. O‘tgan davrda mazkur markazda ikki mingdan ziyod yoshlar ta’lim oldi va mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlandi.

Joriy yilda Samarqand shahrida ham hamkorlikda kasb ta’limi markazi ochildi.

KOICA va O‘zbekiston Mehnat vazirligi hamkorligida Urganch, Shahrisabz va Qo‘qon shaharlarida ham o‘quv markazlari ochilishi rejalashtirilgan.

Tadbirda tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan O‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Janubiy Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi delegatsiyasi mamlakatimizning bir qator vazirlik va idoralarida ham muzokaralar o‘tkazdi.

http://uz.uzdaily.uz/