Yangiliklar
Yangiliklar
2022-08-11
O‘zbekistonda 2022 yilning yanvar-iyun oylarida ishsizlik darajasi 8,8 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,9 foizga kamaydi.
2022-yilning iyun oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti tomonidan respublikamizning 108 ta shahar va tumanlarida navbatdagi ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari asosida o‘tkazilgan tadqiqot davomida 500 ta o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 5,0 ming ta uy xo‘jaliklari hamda 26,5 ming nafar fuqarolar qamrab olindi.
2022-yilning 1-iyun holatida mehnat resurslari soni 19 453,3 ming kishini tashkil etib, 2021-yilning shu davriga nisbatan 100,8 foizga yoki 153,7 ming kishiga oshgan.
Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13 773,6 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,9 foizga yoki 261,3 ming kishiga oshgan.
2022-yilning 1-iyun holatida rasmiy sektorda band aholi soni 6 074,4 ming kishini tashkil qilib, 2021-yilning shu davriga nisbatan yuridik shaxslarda band bo‘lganlar soni 4,1 foizga yoki 240,6 ming kishiga oshgani kuzatildi.
Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 5 690,3 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 8,2 foiz yoki 507,5 ming kishiga kamaygan.
Bunda asosan, norasmiy tarzda faoliyat ko‘rsatayotgan fuqarolarning o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi hamda bo‘sh turgan yerlarni ekin maydonlari sifatida dehqon xo‘jaliklarini tashkil qilish uchun ajratib berilishi hisobiga erishilgan.
Shuningdek, xorijiy davlatlarga ishlash uchun ketganlar 2008,8 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 528,2 ming kishiga oshishi norasmiy bandlarni kamayishiga sabab bo‘lgan.
O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1 326,6 ming kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 8,8 foizni tashkil etdi. 16-30 yoshgacha bo‘lganlar orasida ishsizlik darajasi
14,5 foiz, ayollar orasida ishsizlik darajasi esa 12,8 foiz bo‘ldi.
2022-yilning 1-iyul holatida respublikamizda iqtisodiy nofaol aholi 4 353,2 ming kishini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,9 foizga yoki 38,8 ming kishiga ortishi kuzatildi.
Bunda, ishlashni xohlamaydigan yoki darhol ishga joylashishga imkoniyati yo‘qlar o‘tgan yilga nisbatan 183,6 ming kishiga kamaygan bo‘lsa, ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qiyotgan talabalar hamda tug‘ruq ta’tilidagi ayollar soni 222,4 ming kishiga oshgan.