Yangiliklar
Yangiliklar
2025-04-22
Ellikqal’a tumani “Cho‘pon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Ismoil Nurimov tomonidan yo‘lga qo‘yilgan tadbirkorlik faoliyati bugungi kunda tomorqadan unumli foydalanish bo‘yicha yorqin namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.
U 2015-yildan buyon o‘zining 16 sotixli tomorqasida yiliga 300 mingdan ortiq ko‘chat yetishtirmoqda. Eng quvonarlisi, bu mehnat natijasida Ismoil og‘a yillik 150 million so‘mdan ortiq daromad olib kelmoqda.
Tomorqada imkoniyat katta
Ismoil Nurimovning faoliyati nafaqat moddiy jihatdan, balki ijtimoiy jihatdan ham ahamiyatlidir. U o‘z hududidagi 15 nafar ishsiz fuqaroni doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari bilan ta’minlab kelmoqda.
Tuman miqyosida tomorqadan yoshlar ham, keksa fuqarolar ham faoliyat yuritmoqda, bu esa hududda bandlik muammosini hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Mehnat va sabr samarasi
Ismoil aka bilan suhbatlashganimizda:
“Ishning boshi og‘ir bo‘ldi.
Ilk yillarda yaxshi natija uchun qattiq mehnat qilishga to‘g‘ri keldi. Ammo vaqt o‘tishi bilan tajriba ortdi, ko‘chat navlarini to‘g‘ri tanlash va parvarishlashni o‘rgandim. Endi esa nafaqat daromad, balki mahalladoshlarimga ish o‘rni ham yarata oldim”-deydi.
Hozirgi kunda Nurimov tomorqasida turli navdagi gul ko‘chatlari, mevali daraxt hamda manzarali butalar yetishtirilmoqda. Sug‘orish tizimi tomorqada tomchilatib sug‘orish usuli asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa suv resurslaridan oqilona foydalanish imkonini beradi.
Cho‘pon mahallasining bu kabi namunaviy tadbirkorlari hududdagi boshqa aholi uchun ham ilhom manbai bo‘lmoqda. Bu — tomorqadan foydalanish, ichki ehtiyojni qondirish va bozor uchun mahsulot yetishtirishning yorqin ifodasidir.
Agar har bir oila o‘zining 4-5 sotix yeridan to‘g‘ri va samarali foydalansa, nafaqat moddiy ta’minot, balki yurtda oziq-ovqat xavfsizligi va ishsizlik masalasi ham yechim topadi.
Sanavar Jumaniyazova